Muzeyning o‘n durdonasi
Bu yo‘nalish muzeydagi eng muhim o‘n eksponat bilan tanishtiradi: Avloniy chiqargan gazetadan tortib uning ish stoligacha. Har bir bekatda eksponat yoniga boring, matnni o‘qing yoki “Tinglash” tugmasini bosing.
- A.Avloniy portreti. Sayohatni muzey sohibining portretidan boshlaymiz. Abdulla Avloniy 1878-yil 12-iyulda Toshkentning Mergancha mahallasida tug‘ilgan. U muallim, shoir, dramaturg, noshir va jamoat arbobi edi. Portretni 2003-yilda rassom G. Abdurahmonov ishlagan.
- Shuhrat. “Shuhrat” gazetasi 1907-yilda Toshkentda chiqa boshlagan, uning rasmiy muharriri Abdulla Avloniy edi. Gazeta haftada ikki marta chiqqan va xalqni ilm-ma’rifatga chorlagan. U 10-sonidan keyin yopilgan. Muzeyda gazetaning 1908-yil 8-yanvardagi 5-soni saqlanadi.
- “Osiyo” gazetasi. “Osiyo” gazetasi 1908-yilda Toshkentda chiqqan. Uning muharriri va noshiri Ahmadjon Bektemirov edi, gazeta idorasi esa Abdulla Avloniyning hovlisida joylashgan. Muzeyda gazetaning 1908-yil 24-apreldagi 2-soni saqlanadi.
- Ikkinchi muallim. “Ikkinchi muallim” — Avloniy tuzgan o‘qish kitobi. U jadid maktablarida alifbodan keyin o‘qitilgan. Kitobdagi matnlarning 20 tasi masal janrida yozilgan bo‘lib, bolalarni adolat, mehnatsevarlik va do‘stlikka o‘rgatadi. Muzeyda uning Toshkentda “Maktab” kutubxonasi chiqargan ikkinchi nashri (hijriy 1333, milodiy 1914–1915) saqlanadi.
- Grammofon. Avloniy darslarda grammofondan foydalangan: o‘quvchilarga kuy va qo‘shiqlar tinglatib, ularning estetik didini shakllantirishga intilgan. O‘sha davr uchun bu dars berishda yangi qadam edi.
- “Turon”(Turkiston) teatr truppasi afishasi. 1913-yilda Avloniy Toshkentda “Turon” teatr truppasini tuzgan. Bu afisha truppaning 1915-yil iyunida Xo‘jandda o‘tgan tomoshalarini e’lon qiladi: “Padarkush”, “To‘y” va “Badbaxt kelin”. Afisha rus va eski o‘zbek yozuvida bosilgan, aktyorlar ro‘yxatida birinchi bo‘lib Avloniy nomi turadi.
- Syezdda qatnashish uchun yo'llanma.. 1917-yil 1-avgust sanasi bilan Qozonda berilgan bu hujjat Abdulla Avloniyning Butun Rossiya musulmon o‘qituvchilarining ikkinchi syezdiga vakil etib belgilanganini tasdiqlaydi.
- A.Avloniy ish stoli. Bu — Abdulla Avloniyga tegishli bo‘lgan ish stoli, stullar, yozuv mashinkasi va shamdon. Muzey 1968-yilda Avloniy 1910–1934-yillarda oilasi bilan yashagan uyda tashkil etilgan edi.
- Abdulla Avloniyning shaxsiy buyumlari. Avloniyning shaxsiy buyumlari: sandiqlar, chamadon, portfel, ruchka, siyohdon va boshqa kundalik buyumlar.
- Pasport. Sayohatimiz 1933-yilda Abdulla Avloniy nomiga berilgan pasport bilan tugaydi. Oradan bir yil o‘tib, 1934-yilda adib 56 yoshida Toshkentda vafot etgan.