Gazeta va sahna
XX asr boshida jadidlar xalqqa ikki yo‘l bilan murojaat qilgan: gazeta sahifasi va teatr sahnasi orqali. Avloniy ikkalasida ham birinchilardan bo‘lgan. Bu yo‘nalish muzeydagi matbuot va teatrga oid eksponatlarni birlashtiradi.
- Shuhrat. “Shuhrat” — Avloniy muharrirlik qilgan gazeta. U 1907-yilda Toshkentda chiqa boshlagan, haftada ikki marta nashr etilgan va yangi usul maktablarining ahamiyatini targ‘ib qilgan. Gazeta 10-sonidan keyin yopilgan, tahririyat jihozlari musodara qilingan.
- “Osiyo” gazetasi. “Osiyo” gazetasining idorasi Avloniyning hovlisida joylashgan edi. Gazeta sahifalarida Munavvarqori Abdurashidxonov va Abdulla Avloniy kabi jadidlarning maqolalari bosilgan.
- Guvohnoma. 1914-yil 4-aprelda Toshkentda “Sadoi Turkiston” gazetasi chiqa boshlagan. Bu — Avloniyning shu gazeta muxbiri sifatidagi xizmat guvohnomasi.
- “Sho‘ro” jurnali. Turkiston jadidlari boshqa turkiy xalqlar matbuotini ham diqqat bilan kuzatgan. Bu — Orenburgda chiqqan “Sho‘ro” jurnalining 1908-yil 15-martdagi 6-soni.
- Mullo Nasriddin. 1906-yildan Tiflisda (hozirgi Tbilisi) nashr etilgan ozarbayjon hajviy jurnali “Mulla Nasriddin” butun musulmon Sharqida, jumladan Turkistonda ham katta shuhrat qozongan. Muzeyda jurnalning 52 ta soni saqlanadi.
- To'plam. Bu to‘plamda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi bor. Avloniy tuzgan “Turon” truppasi 1914-yilda Toshkentdagi “Kolizey” binosida aynan shu asar bilan ish boshlagan. Bosh rollarni ijro etganlar orasida Avloniyning o‘zi ham bo‘lgan.
- “Turon”(Turkiston) teatr truppasi afishasi. “Turon” truppasining 1915-yil iyunida Xo‘jandda o‘tgan tomoshalari afishasi: 1, 2 va 3-iyun kunlari “Padarkush”, “To‘y” va “Badbaxt kelin” spektakllari ko‘rsatilgan.
- Pinak. Avloniy truppa uchun pyesalar ham yozgan. Bu — uning “Pinak” kulgusining qo‘lyozmasi. Matn ostida “Turkiston xalqiga xizmat qilish uchun yozilgan” degan yozuv bor.
- “Adabiyot yohud milliy she'rlar” 2-juz. Avloniyning to‘rt juzli “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” to‘plami ilk bor 1909-yilda Toshkentda bosilgan, keyin 1912, 1914 va 1916-yillarda qayta nashr etilgan. Muzeyda to‘plamning 2-juzi saqlanadi.