Avloniy — muallim

Avloniy 1904-yilda Mirobodda yangi usul maktabini ochgan, umrining so‘nggi yillarida esa universitet kafedrasini boshqargan. Bu yo‘nalish uning maktabi, darsliklari va ustozlik yo‘li bilan tanishtiradi.

  1. Parta. Jadidlar yangi maktablarda foydalangan eski shakldagi parta namunasi. Avloniy 1904-yilda Mirobodda yangi usul maktabini ochgan; u 1908-yilda yopilgach, 1909-yilda Degrez mahallasida yangi maktab ochgan.
  2. Grammofon. Avloniy grammofon orqali o‘quvchilarga kuy va qo‘shiqlar tinglatgan. 1911-yilda u o‘quvchilariga “Maktabga targ‘ib” she’rini xor bo‘lib o‘qishni o‘rgatib, uni grammofon plastinkasiga yozdirgan.
  3. Ikkinchi muallim. “Ikkinchi muallim” birinchi marta 1912-yilda Toshkentda bosilgan va jadid maktablarining ikkinchi sinfida asosiy o‘qish kitobiga aylangan. Muzeyda uning ikkinchi nashri saqlanadi. Titul varag‘idagi bayt: “Shavkati inson erur ilm-u adab, E’tibor emas anga mol-u nasab”.
  4. Turkiy Guliston yoxud axloq. “Turkiy guliston yoxud axloq” asarining birinchi nashri 1913-yilda chiqqan. Asarda Avloniy tarbiya haqida shunday yozadi: “Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidur”. Muzeyda asarning 1967-yilgi nashri saqlanadi.
  5. Syezdda qatnashish uchun yo'llanma.. 1917-yilda Avloniy Butun Rossiya musulmon o‘qituvchilarining ikkinchi syezdiga vakil etib belgilangan. Hujjat Qozonda, 1917-yil 1-avgustda berilgan.
  6. O'qituvchilik guvohnomasi. 1930-yilda O‘rta Osiyo Kommunistik dorilfununi (SAKU) Avloniyga o‘qituvchilik guvohnomasini bergan. Shu yili u O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU) pedagogika fakultetining o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasiga professor etib tasdiqlangan va umrining oxirigacha shu kafedrani boshqargan.
  7. Adabiyot xrestomatiyasi. Avloniyning so‘nggi darsligi — o‘zbek maktablarining 7-sinfi uchun “Adabiyot xrestomatiyasi” — 1933-yilda chiqqan. Undagi qisqa tarjimai holida u inqilobgacha o‘nlab she’r, maktab kitoblari va to‘rt teatr kitobi yozganini aytgan.