Parta
yangi usul maktabi partasi (namuna)
Yangi usul maktablari ochila boshlaganda sinfxonaga kirib kelgan partalar namunasi: qiya yozuv taxtasi, siyohdon o‘rni va suyanchiqli o‘rindiq.
Eski maktabda bolalar odatda yerga to‘shalgan bo‘yra yoki kigiz ustida o‘tirib o‘qigan. Usuli jadid maktablarida sinfxona boshqacha jihozlandi: o‘quvchilar partada o‘tirib, devordagi xarita va rasmlar yordamida tez savod chiqardi, dars jadval asosida, sinflarga bo‘lib o‘tildi. Parta ana shu yangi tartibning ko‘zga birinchi tashlanadigan belgisi edi. Yangi usul maktablari qadimchilarning keskin qarshiligiga uchradi. Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyina” jurnalining 1914-yil 12-sonida bosilgan “Favqulodda takfir” maqolasida yozishicha, 3-yanvar kuni Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi ichidagi jome’da juma namozidan so‘ng muazzin besh-olti ming kishi oldida usuli jadid tarafdorlarini kofir deb e’lon qilgan, bolasini usuli jadid maktabiga bergan kishi “o‘zi kofir, xotuni taloq” bo‘lishini aytgan. Behbudiy bunga javoban Turkistonda yuz ming ota bolasini yangi usul maktabida o‘qitayotganini yozgan.
- Turkum
- Buyumlar
- Inventar raqami
- AAM-B-003
- Turi
- buyum
- Soni
- 1
- Holati
- Yaxshi
Abdulla Avloniy yodgorlik muzeyi fondidagi eksponat. Muzey Toshkentda, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti binosida joylashgan.